ODAM SAVDOSI JINOYATI UCHUN JAVOBGARLIK KUCHAYTIRILDI

ODAM SAVDOSI JINOYATI UCHUN JAVOBGARLIK KUCHAYTIRILDI
Keyingi yillarda mamlakatimizda insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, odam savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatga qarshi kurashishga hamda mazkur jinoyatdan jabrlanganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga odam savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat uchun jazo choralarini kuchaytirish va mazkur jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib sanksiyalarni belgilash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 19 maydagi “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ 1065-sonli qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlariga o‘zgartirishlar kiritilib, qonunga ko‘ra odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish jinoyati ikki yoki undan ortiq shaxsga nisbatan, ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan, homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan, aybdorga moddiy jihatdan yoki boshqa jihatdan qaram bo‘lgan shaxsga nisbatan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, jabrlanuvchini O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib o‘tgan holda yoki uni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turgan holda, qalbaki hujjatlardan foydalangan holda, xuddi shuningdek jabrlanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo‘ygan, yashirgan yoxud yo‘q qilib yuborgan holda, inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olish maqsadida, fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida sodir etilgan bo‘lsa besh yildan o‘n yilgacha, shu harakatlar o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali, o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud ushbu Kodeksning 137-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni ilgari sodir etgan shaxs tomonidan, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yildi.
Maxkamjon Abdubannabov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Dang‘ara tuman sudining raisi
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!